Ariza yuborish

“Endi qonunlar yozishda sunʼiy intellektdan foydalanadi” – BAA

23.04.2025
127
“Endi qonunlar yozishda sunʼiy intellektdan foydalanadi” – BAA

Birlashgan Arab Amirliklari dunyoda birinchi bo‘lib yangi qonunlarni yaratish va mavjud qonunlarni tahlil qilish uchun sunʼiy intellektni joriy etmoqda. Hukumat vakillari nafaqat federal va mahalliy meʼyoriy hujjatlar, balki sud qarorlari, ijro tartib-qoidalari va davlat xizmatlari tavsiflarini ham tayyorlashda yangi tizimdan foydalanishini maʼlum qildi. Bu mamlakatni raqamlashtirish bo‘yicha keng qamrovli strategiyaning bir qismidir. Loyihani muvofiqlashtirish uchun Vazirlar Mahkamasining yangi bo‘linmasi - Normativ intellekt boshqarmasi tashkil etildi.

BAA vitse-prezidenti va Dubay amiri Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktumning aytishicha, yangi tizim qonunchilik jarayonini tezlashtib, uning aniqligini oshiradi. BAA 2030 yilga kelib sunʼiy intellektning jahon iqtisodiyotiga qo‘shadigan hissasi 15,7 trillion dollarga yetishi va mamlakat iqtisodiyoti 35 foizga o‘sishini kutmoqda. Shu bilan birga, davlat boshqaruvi xarajatlari ikki baravarga kamayishi mumkin. Mamlakat ushbu qadamlar tufayli ilgari logistika va moliya sohalarida erishganidek, sunʼiy intellekt va raqamli iqtisodiyot sohasida ham global markazga aylanishiga ishonch bildirmoqda.

2017 yildayoq BAA dunyodagi birinchi sunʼiy intellekt vaziri etib Umar Sulton al-Alamani tayinlagan edi. Uning vazifalariga davlat tuzilmalari samaradorligini oshirishga qaratilgan milliy strategiyani amalga oshirish kiradi. 2024 yilda Dubayda bo‘lib o‘tgan tadbirda u maʼlumotlar va algoritmlarga asoslangan zamonaviy qonunchilik modeliga o‘tish muhimligini taʼkidladi.

Huquqshunos va qonun loyihalari muallifi Xesham Elrafeyning fikricha, mamlakat qonunlarni yozishni shunchaki algoritmlarga topshirmayapti. U qonun ijodkorligiga yondashuvning o‘zini o‘zgartirmoqda. Yillab davom etishi mumkin bo‘lgan parlament muhokamalari o‘rniga sunʼiy intellekt tizimi haqiqiy muammolarni aniqlash, ularga yechim topish va tushunarli hamda dolzarb meʼyorlarni taklif qilish imkonini beradi. Algoritmlar sud amaliyotini tahlil qiladi, xorijiy pretsedentlarni o‘rganadi va mahalliy sharoitga moslashtirilgan qonunlarni shakllantirishga ko‘maklashadi.

BAA aholisining atigi 10 foizi mamlakat fuqarolari ekanligini hisobga olgan holda, taʼriflarning aniqligiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Qonunlarni arab va ingliz tilida so‘zlashuvchi aholiga tushunarli bo‘lgan sodda tilda yozish rejalashtirilgan. Bu davlat va aholi o‘rtasidagi masofani qisqartirishi kerak, baʼzi G‘arb mamlakatlaridan farqli o‘laroq, u yerda huquqiy matnlarni huquqshunos yordamisiz tushunish qiyin bo‘lib qolmoqda.

Shu bilan birga, mutaxassislar texnologiya xavf-xatardan xoli emasligidan ogohlantirmoqda. Oksfordlik tadqiqotchi Vinsent Shtraubning fikricha, sunʼiy intellekt hozircha ishonchlilikni kafolatlamaydi: u xatolar va uydirmalarga moil. Oksford internet instituti o‘qituvchisi Kigen Makbraydning qo‘shimcha qilishicha, amirliklar bunday tizimlarni boshqa mamlakatlarga qaraganda tezroq joriy qilmoqda, chunki ularga demokratiyadan tashqarida tajriba o‘tkazish osonroq. Biroq, uning fikricha, ambitsiyalar darajasi bo‘yicha BAA jahon yetakchilari qatorida.

Huquqshunos Ahmad al-Xalil yakuniy qarorlar insonning o‘zida qolishi kerakligini taʼkidladi. Qonun - bu adolat, kontekst va talqinni talab qiladigan soha, shu sababli inson fikrisiz birorta ham loyihani yakunlab bo‘lmaydi.

Tavsiya