Xitoyliklar kvant kompyuteridan foydalangan holda AES-shifrlashni buzishga harakat qildilar. Hisobotlar ular bunga juda yaqin kelganlarini ko‘rsatmoqda.
Xitoylik olimlar “Chinese Journal of Computers” jurnalida bir qator AES-shifrlash algoritmlariga samarali “hujumlar” haqida maqola eʼlon qildi. Hujumlar Kanadaning D-Wave Systems kompaniyasi kvant kompyuteridan foydalangan holda amalga oshirildi. Biroq asosiy “zarba beruvchi” mexanizm Xitoyda ishlab chiqilgan yangi matematik apparat bo‘ldi. Mutaxassislar bu tahdidni “real va jiddiy” deb baholadilar.
Bugungi kunda muayyan uzunlikdan yuqori kalitli AES-shifrlash yaxshi himoyalangan hisoblanadi. Ammo bu oddiy kompyuter hisob-kitoblari nuqtai nazaridan shunday. Kvant kompyuterlari va tegishli algoritmlar AES kalitlarini osonlik bilan buzish imkoniyatini vaʼda qilmoqda. Bu keyingi o‘n yilliklarda sodir bo‘ladi deb taxmin qilinmoqda. Biroq jarayon ancha oldinroq, yaʼni 3-5 yil ichida sodir bo‘lishi mumkinligi haqida ham xavotir va belgilar mavjud. Shanxay universitetining bir guruh xitoylik olimlari o‘zlarining yangi tadqiqotlarida AES asosida yotgan bir qator shifrlash algoritmlari kvant kompyuterlari tomonidan buzilishi mumkinligini ko‘rsatishdi.
Kanadaning D-Wave Systems kompaniyasi kvant kompyuteridan foydalangan holda, olimlar Substitution-Permutation network (o‘rin almashtirish-qayta joylash tarmog‘i) deb ataladigan blokli shifrlashga oid Present, Gift-64 va Rectangle algoritmlariga hujum qilishdi. Tadqiqotda aytilishicha, kod to‘liq buzilmagan, ammo tadqiqotchilar jamoasi bunga har qachongidan ham yaqinroq keldi. SP tarmog‘i AES-shifrlashning bir qismi bo‘lib, undan butun dunyo bo‘ylab bank sektori, davlat tuzilmalari va harbiylar maxfiy maʼlumotlarni saqlashda foydalanadi. Bunday vaziyatda hatto xayoliy tahdid ham haqiqiy deb qabul qilinishi lozim.
“Bu haqiqiy kvant kompyuteri bugungi kunda qo‘llanilayotgan ko‘plab keng ko‘lamli tizimlashtirilgan SPN algoritmlari uchun real va jiddiy tahdid tug‘dirgan birinchi holat”, - deyiladi ilmiy maqolada.
Aslida D-Wave Systems kompyuterining o‘zini qiyinchilik bilan kvant kompyuter deb atash mumkin. U kvant toblanishi prinsipidan foydalanadi - fizikada atomlarning eng past energiya holatiga intilishiga mos keladigan energiya minimumlarini izlashga asoslangan. Maʼlumotlarni qayta ishlash – “kuydirishdan” so‘ng qolgan barcha narsa pirovard maqsad – izlangan natija hisoblanadi. Olimlar faqat maʼlumotlarni kerakli yo‘nalishda qayta ishlash uchun matematik apparat yaratishlari kerak edi. Sunʼiy intellekt yordamida bunday qurilma yaratildi, ammo u universal emas va bu bugungi kunda kvant platformalaridan amaliy foydalanishni, shu jumladan AES kalitlarini muvaffaqiyatli buzishni qiyinlashtirmoqda.