Bir necha oy oldin keng tarqalgan tadqiqotda sunʼiy intellekt tobora murakkablashib borishi bilan “qadriyatlar tizimi”ni ishlab chiqayotganini taxmin qilingan edi. Bu tizimlar uni, masalan, insonlarga nisbatan o‘z farovonligini ustun qo‘yishga undashi mumkin edi. MIT‘ning keyingi maqolasida esa bu tasavvurlar reallikdan uzoqda ekani, sunʼiy intellekt aslida hech qanday izchil qadriyatlarga ega emasligi haqida xulosa qilinadi.
MIT tadqiqoti hammualliflarining aytishicha, ularning ishi sunʼiy intellekt tizimlarini “moslash” - yaʼni modellarning kerakli, ishonchli tarzda ishlashini taʼminlash - ko‘pincha taxmin qilinganidan ko‘ra murakkab bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Ular taʼkidlashicha, bugungi kunda biz bilgan sunʼiy intellekt gallyutsinatsiyaga uchrashi va taqlid qilishi mumkin, bu esa uni ko‘p jihatdan bashorat qilish qiyin qiladi.
“Biz ishonch bilan ayta oladigan yagona narsa shuki, modellar barqarorlik, ekstrapolyatsiya va boshqaruvchanlik haqidagi ko‘plab taxminlarga bo‘ysunmaydi”, - dedi Massachusets texnologiya instituti doktoranti va tadqiqot hammuallifi Stiven Kasper TechCrunch nashriga bergan intervyusida.
“Model maʼlum sharoitlarda maʼlum tamoyillar to‘plamiga mos keladigan afzalliklarni ifodalashini ko‘rsatish to‘g‘ri. Muammolar asosan tor tajribalar asosida modellar, fikrlar yoki umuman afzalliklar haqida umumiy xulosalar chiqarishga uringanimizda paydo bo‘ladi”.
Kasper va uning hammualliflari Meta, Google, Mistral, OpenAI va Anthropic‘ning bir nechta so‘nggi modellarini o‘rganib, ular kuchli “qarashlar” va qadriyatlarni (masalan, jamoaviylikka qarshi individualistik) qay darajada namoyish etishini tekshirdilar. Ular, shuningdek, bu qarashlarni “boshqarish”, yaʼni o‘zgartirish mumkinligini va modellar turli vaziyatlarda bu fikrlarga qanchalik qatʼiy amal qilishini o‘rgandilar.
Tadqiqotchilarning fikricha, modellarning hech biri o‘z afzalliklarida izchil bo‘lmagan. Ko‘rsatmalar qanday shakllantirilgani va ifodalanganiga qarab, ular butunlay boshqacha nuqtai nazarlarni qabul qilishgan.
Kasperning fikricha, bu modellarning nihoyatda beqaror va nobarqaror ekanligining ishonchli isbotidir va ehtimol, ular inson afzalliklarini o‘zlashtirishga umuman qodir emas.
“Men uchun bu tadqiqotlarning barchasidan eng katta xulosa shuki, modellar aslida barqaror, izchil eʼtiqod va afzalliklar to‘plamiga ega tizimlar emas”, - deydi Kasper. “Aksincha, ular asli taqlidchilar bo‘lib, har xil uydirmalar bilan shug‘ullanadilar va turli yengil-yelpi gaplarni aytadilar”.
Tadqiqotda ishtirok etmagan London Qirollik kollejining sunʼiy intellekt bo‘yicha ilmiy xodimi Mayk Kuk hammualliflarning xulosalariga qo‘shilmoqda. Uning taʼkidlashicha, ko‘pincha sunʼiy intellekt laboratoriyalari yaratadigan tizimlarning “ilmiy haqiqati” va odamlar ularga beradigan qiymatlar o‘rtasida katta farq bor.
“Model o‘z qadriyatlarining o‘zgarishiga qarshi tura olmaydi, bu bizning tizimga bo‘lgan qarashimizdir”, - deydi Kuk. “Sunʼiy intellekt tizimlarini bu darajada “insonlashtiradigan” har qanday kishi eʼtiborni tortishga harakat qilayotgan yoki ularning sunʼiy intellekt bilan munosabatini jiddiy tushunmayotgan bo‘ladi. Sunʼiy intellekt tizimi o‘z maqsadlariga erishish uchun takomillashayotganmi yoki “o‘z qadriyatlariga ega bo‘layotganmi?” Gap uni qanday taʼriflashingizda”.