Ariza yuborish

Yangi tadqiqot miyamiz aslida qanday qilib yangi maʼlumotlarni o‘rganishini aniqladi

23.04.2025
114
Yangi tadqiqot miyamiz aslida qanday qilib yangi maʼlumotlarni o‘rganishini aniqladi

Qo‘shiq so‘zlarini yodlash yoki notanish taomni tayyorlash uchun miyamiz trillionlab sinapslarga taʼsir etuvchi yangi axborotga moslashishning murakkab jarayonini o‘tkazishi lozim. Yangi maʼlumotlar ayrim sinapslarni kuchaytiradi, boshqalarini esa zaiflashtiradi. Neyrobiologlar bu sinaptik moslashuvchanlikni keltirib chiqaradigan ko‘plab jarayonlarni aniqladilar. Biroq hozirgacha moslashuvchi sinapslar qaysi qoidalarga bo‘ysunishi nomaʼlum edi. AQSHlik olimlar miyada yangi maʼlumotlarni o‘zlashtirish va mustahkamlash jarayonining asosiy xususiyatlarini ochib berdilar. Ularning natijalari, xususan, sunʼiy intellektning ilg‘or modellarini o‘qitishda yangi yondashuvlar imkoniyatini ko‘rsatmoqda.

San-Diegodagi Kaliforniya universiteti tadqiqotchilari sichqonlar miyasidagi sinapslar va neyron hujayralarining faoliyatini o‘rganish uchun ilg‘or tasvirlash usulidan foydalandilar, deyiladi RepublicAi eʼlon qilgan xabarda. Alohida sinapslarni kuzatish imkoniyati tufayli olimlar neyronlar o‘rganish paytida yagona qoidaga amal qilmasligini aniqladilar. Maʼlum bo‘lishicha, alohida neyronlar ko‘plab qoidalarga bo‘ysunadi, turli hududlardagi sinapslar esa turlicha qoidalarni bajaradi.

“Odatda, sinaptik moslashuvchanlik butun miya bo‘ylab bir xil deb hisoblanadi, - deydi tadqiqotning birinchi muallifi Uilyam Rayt. - Bizning tadqiqotimiz o‘rganish jarayonida sinapslarning qanday o‘zgarishi haqida aniqroq tasavvur beradi. Bu tibbiyot uchun katta ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin, chunki ko‘plab miya kasalliklari sinaptik disfunksiyaning u yoki bu shakli bilan bog‘liq”.

Rayt va uning hamkasblari aniqlashicha, alohida sinapslar faqat o‘zlarining “mahalliy” maʼlumotlariga ega bo‘lsa-da, birgalikda yangi o‘zlashtirilgan xatti-harakatlarni shakllantirishga yordam beradi. Bu “ishonch koeffitsiyentlarini taqsimlash muammosi” deb ataladi. Bunga umumiy maqsadni bilmagan holda o‘z vazifalarini bajaradigan ayrim chumolilar faoliyati misol bo‘la oladi.

Neyronlarning bir vaqtning o‘zida bir nechta qoidalarga amal qilishi tadqiqotchilarni hayratga soldi. EurekAlert saytining yozishicha, bu kashfiyot ishonch koeffitsiyentlarini taqsimlash muammosini hal qilish jarayonida miya faoliyati haqidagi tushunchani tubdan o‘zgartiradi.

Ushbu kashfiyot miya va xulq-atvor buzilishlarini davolashdan tortib sunʼiy intellektgacha bo‘lgan ko‘plab sohalarda taraqqiyotga yordam berishi mumkin. Bundan tashqari, u sunʼiy intellektning ilg‘or modellarini o‘qitishda yangi yondashuvlar imkoniyati borligini ko‘rsatmoqda.

Tavsiya